Ayni kunlarda Yangiyo‘l tumani Ahil mahallasida hududni obodlashtirish, ko‘p qavatli uy-joylarning holatini yaxshilash va aholi uchun qulay sharoit yaratishga qaratilgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Mahalladagi 38 ta ko‘p qavatli uyning issiqlik samaradorligini oshirish maqsadida binolar fasadi bazalt qoplamalari bilan qoplanmoqda. Shuningdek, uylarning tom qismlarini mukammal ta’mirlash ishlari ham amalga oshirilmoqda. Mazkur ishlar Prezidentimizning PQ-48-son qarori ijrosi doirasida mahalla hududini obodonlashtirish va infratuzilmani yaxshilash maqsadida olib borilmoqda. Toshkent viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi mutaxassislari hududni joyiga chiqqan holda o‘rganib, bolalar maydonchasi barpo etish, irrigatsiya tarmoqlarini ta’mirlash hamda piyodalar yo‘laklarini yangilash uchun tegishli joylarni belgilab berdi.